Ishoning, ko'zimni to tuproq bosib -
Qolguncha Sizniki bo'lmayman desam.
Ammo Siz hech kimga qilmaysiz nasib,
Hech kimga bermayman, ichganman qasam.

Siz mening boshimda bo'lmaysiz panoh,
Isina olmaysiz dilim o'tidan.
Boshqa ayol deb ham chekolmaysiz oh,
Yo'lga tusholmaysiz o'zga ketidan.

Oyoqlaringizda zanjir borligi -
Bir menga, bir Sizga ayon haqiqat.
Men tunda kimdir deb kuyib borlig'im -
Tongda o'zi kelsa etganimday rad.

Xuddi men dunyoda doim kimdir kam -
Beadog' hijrondan yursam-da bezib.
Kimdir chorlaganda bosolmay qadam,
Zanjirband ekanim qolganday sezib.









